O’zbekistonning AQShdagi elchisi Indiana universitetiga tashrif buyurdi

 

O’zbekistonning AQShdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ilhom  Ne’matov 2012-yil 26-noyabrda AQShning Indiana shtati Blumington shahridagi Indiana universitetiga tashrif buyurdi. Ilhom Nematov AQSh tarixida Indiana universitetiga tashrif buyurgan birinchi O’zbekiston elchisi bo’ldi. Bu tashrif universitetning Markaziy Yevro-Osiyo ta’limi fakultetining “Ozbek tili” dasturi va “O’zbek talaba va olimlari uyushmasi” tarixi lavhalariga  muxrlandi.

Bu tadbir nafaqat AQShning Indiana universitetida o’zbek tili va ma’daniyatini targ’ib qilishda faol ish olib borayotgan o’zbekistonlik va amerikalik mutaxassislar  uchun, balki o’zbek tili va uning tarixi, madaniyati va adabiyotini o’rganayotgan  amerikalik hamda boshqa millat talabalari uchun katta ahamiyatga ega edi. Jumladan, O’zbek tili dasturining  rahbari va o’zbek tili o’qituvchisi  Malik Xo’jaev va shu universitetda o’zbek tili va madaniyatini targ’ib qilish uchun AQSh tomonidan Fulbrayt granti bilan taqdirlangan Mufarrah Musayeva boshchiligidagi bir soat davom etgan suhbat darsida Ilhom Ne’matov amerikalik talabalarning o’zbek xalqi, tili va  madaniyatiga bo’lgan qiziqishlari hamda o’zbek tilida mukammal darajada suhbat qurishlarining guvohi bo’ldi. Shuni ta’kidlash joizki, darsda Indiana universiteti talabalari bilan birgalikda masofada o’zbek tilini o’rganayotgan Michigan universiteti talabalari videokonferensiya  orqali aloqaga chiqdilar. Bundan ta’sirlangan Ilhom To’ychievich suhbat darsi so’ngida Indiana va Michigan universiteti talabalarining til va madaniyat bilim darajalarini yuqori baholadi va kelajakdagi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi. Bu iliq suhbatdan so’ng Ilhom Ne’matov O’zbek talaba va olimlar uyishmasi prezidenti Umida Hikmatillaeva va uyushma a’zolari  bilan uchrashdi.

Shuningdek, Ilhom Ne’matov universitetning Markaziy Yevro-Osiyo ta’limi fakultetining rahbari Kristofer Atvud va Markaziy Osiyoshunos professor William Firmen shu qatorda San’at va Ilm Oliy maktabining  rahbari Lerri Singel, Indiana universiteti Xalqaro  vitse prezidenti Devid Zarret, Xalqaro tadqiqot va rivojlanish vitse prezidenti Charli Rifsnider va Xalqaro hamkorlik  vitse prezidenti Shovn Reynoldslar  tomonidan iliq kutib olindi. Ular bilan uchrashuvda O’zbekiston poytaxti Toshkent oliy o’quv yurtlari va Indiana universtitetilarida tahsil olish imkoniyatlari haqida so’z yuritildi. “Biz bu universitet bilan tajriba almashuv dasturlari tuzilishi tarafdorimiz”, dedi O’zbekiston elchisi. “Biz bu yerdan bir necha professorlarni Toshkentga yuborishni, shuningdek Toshkentdagi olimlarimizni Indianaga yuborishni istaymiz.”

Uchrashuv dasturida Ilhom To’ychiyevichning Akrom Habibullaev tarafidan Indiana universitetining “Vels” kutubxonasidagi o’zbek resurslari bilan tanishtirilishi alohida ahamiyatga ega. Bundan tashqari elchi janoblariga Nigora Azimova tomonidan hozirgi kun til o’rganish talablariga to’liq javob beradigan zamonaviy yangi innovatsion usullar asosida yozilgan 1 va 2-bosqich O’zbek tili hamda Rahmonxo’ja Imomxo’jaev tomonidan yozilgan Pashtu va Gulnisa Nazarova tomonidan yozilgan Uyg’ur kitoblari sovg’a sifatida taqdim etildi.

Elchi janoblari tashrifiga uyushtirilgan maxsus qa’bulda 150 dan ortiq Indiana universiteti talaba, olim va xodimlari ishtirok etishdi. Eng muhimi, O’zbekistonning AQShdagi elchisi Ilhom Ne’matovning qisqa satrdagi mazmunga boy ma’ruzasidan mehmonlar ko’p ma’lumotga ega bo’lishdi. Maruzadan so’ng har kim O’zbekiston haqida turli xil savollar bilan elchi janoblariga murojaat qildi va savollariga to’liq va qoniqarli javob olganidan juda mamnun bo’ldi. Ma’ruzadan so’ng o’zbek tilining 1 va 3-bosqichida o’qiyotgan Markaziy Yevro – Osiyo ta’limi fakultetining amerikalik magistr talabalari: Kristofer Sorensan, Elliot Nyuton va Kreg Perri elchi janoblariga yuzlanib o’zbek tilida chiroyli nutq so’zlab, O’zbekiston va Amerika aloqalari yanada mustahkamlashishini tilab, amerikalik talabalar o’zbek tilini O’zbekistonda o’rganish imkoniyatiga ega bo’lsin deya o’z istaklarini bildirdilar.

Qabul dasturida mehmonlar elchixona xodimlari: Nurilla Abdullayev va Farhod Fayzillaevlar tomonidan uyushtirilgan foto va video ko’rgazmani katta qiziqish bilan tamosha qilishdi hamda o’zbekistonlik mohir oshpaz Qahramon Alimov va shu yerda istiqomat qiluvchi Sharbat Habibullaeva va Shohsanam Usmonova tomonidan tayyorlangan o’zbek milliy taomlari dasturxonidan bahra olishdi.

Indiana universitetining magistr talabasi va O’zbek talaba va olimlari uyushmasining vitse prezidenti Mahmuda Saydumarova Fulbrayt grant sohibi Mufarrah Musayevani sahnaga taklif qilgach, Yalla guruhi tomonidan kuylangan o’zbek milliy xalq qo’shig’i “Omon yor” yangradi. Shuningdek, Jekob musiqa bilim yurtining aspirant talabasi atoqli musiqachi professor Menahem Preslerning shogirdi va 2012 yilning Motsart konsert musobaqasining g’olibi, 1-o’rin sohibi o’zbekistonlik Gulrukh Shokirova o’zi bastalagan musiqiy ijod namunalari bilan barchani hushnud qildi.

Bu tadbirni uyushturishda qo’llab-quvatlagan va har tomonlama yordam bergan “Osiyo va Ural milliy resurslari  markazi” va Markaziy Yevro-Osiyo ta’limi fakultetiga alohida minnatdorchilik bildirildi.

Mufarrah Musaeva,

Fulbrayt grant sohibi va Markaziy Yevro-Osiyo talimi

fakultetining magistr talabasi va o’zbek tili o’qituvchisining assitenti.

Malik Xo’jayev,

Markaziy Yevro-Osiyo talimi

fakultetining o’zbek tili o’qituvchisi.

Fikr yo'q

Fikr bildirish