O`zbekistonda e-Freight yuk tashuvlarini elektron rasmiylashtirish platformasini joriy etish rejalashtirilmoqda

Poytaxtimizda O`zbekiston Transport vazirligi tomonidan “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati ishtirokida  tashkil etilgan “e-Freight” yuk tashuvlarini elektron rasmiylashtirish axborot platformasini joriy etish va elektron hujjatlardan foydalangan holda “yagona darcha” rejimida nazorat-tekshiruv funksiyalarini amalga oshirish masalalariga bag`ishlangan seminar bo`lib o`tdi.

Buqungi kunda O`zbekistonda yuk tashuvlari sohasida elektron hujjat aylanmasiga o`tishga hozirlik ko`rilmoqda.

“O`zbekistonga har kuni yuzlab tonna turli xil yuklar yetkazib beriladi. Yuklar bilan birga tonnalab hujjatlar ham kelib tushadi. Bir tovar uchun o`rtacha 20 ga yaqin turli ruxsatnomalar rasmiylashtiriladi. Elektron hujjat aylanmasiga o`tish nafaqat millionlab daraxtlarni saqlab qolish, balki tovarlarni yetkazib berish jarayonini soddalashtirish va tartib-taomillarni imkon qadar shaffof qilish imkonini beradi. e-Freight – bu IATA tomonidan tavsiya etilgan va dunyoning ko`plab mamlakatlarida qabul qilingan xalqaro standart. Mazkur platformaning O`zbekistonda joriy etilishi xorijiy logistika  kompaniyalari va aviatashuvchilar uchun aeroportlarimiz raqobatbardoshligi va jozibadorligini sezilarli darajada oshiradi”, — deydi “Uzbekistan Airports” AJ Boshqaruvi raisi Rano Djurayeva.

Seminar doirasida ekspertlar e-Freight standartini joriy etish bo`yicha xalqaro tajriba va natijalar, davlat chegarasi o`rqali o`tish punktlarida nazorat-tekshiruv funksiyalarini amalga oshirish texnologiyasini o`zgartirish borasida talablar, shuningdek aviatashuvlarga oid elektron hujjatlarni rasmiylashtirish va yuritish amaliyoti haqida so`z yuritdilar.