Avstraliya ham Pekin qishki Olimpiya o’yinlariga diplomatik boykot e’lon qildi

Avstraliya Bosh vaziri Skott Morrison mamlakatining Pekin mezbonlik qiladigan 2022 yilgi Qishki Olimpiada o‘yinlaridagi ishtiroki faqat o‘yinchilar bilan cheklanishi va hech qanday rasmiy vakillikni o‘z ichiga olmasligini ma’lum qildi.

“Avstraliya o’z manfaatlarini himoya qilish uchun tutgan kuchli pozitsiyasidan qaytmaydi”, – deya qo’shimcha qildi Morrison bayonotida.

Ushbu chora bilan Kanberra dushanba kuni kelasi yil boshida o’tkazilishi rejalashtirilgan Olimpiadani diplomatik tarzda boykot qilishini e’lon qilgan Vashingtondan o’rnak oldi.

“Xitoyning inson huquqlari bo‘yicha holati tufayli biz Pekin qishki Olimpiya o‘yinlariga rasmiy delegatsiya yubormaymiz”, — dedi Oq uy.

Uning qo‘shimcha qilishicha, amerikalik sportchilar O‘yinlarda ishtirok etishadi va “AQSh hukumati tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi”.

Xitoy hukumati bunga javoban qarorni qoralab, Olimpiada siyosiy namoyishlar uchun platforma bo‘lmasligi kerakligini aytdi va qat’iy qarshi choralar haqida ogohlantirdi.