Davlat xizmatlaridan foydalanishda “Buyurtma xizmat”ni ishga tushirish kerak!

DXA 4 yoshda

Mening innovatsion gʻoyam

Davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning sohani rivojlantirish borasidagi fikr-mulohazalari bilan tanishtirishda davom etamiz.
Urgut tuman Davlat xizmatlari markazi xodimi Murodilla Hamroyev bu safar yanada qiziqarli va dolzarb takliflari bilan oʻrtoqlashadi.

— Qaysi davlat xizmatidan foydalanishni yanada soddalashtirish lozim, deb hisoblaysiz?

— Muhandislik-kommunikatsiya tizimlariga ulanishda kompozit xizmat turini ishga tushirishni taklif qilaman. Yaʼni, fuqaro markazga murojaat qilish asnosida biryoʻla texnik va shartnomani olish imkoniga ega boʻlsin. Shuningdek, shartnomada koʻrsatilgan toʻlovni ham (invoys) markazdagi bank kassasi orqali toʻlasin. 2 ish kunida vakolatli organ ulanishni taʼminlab bersin.

— Olis qishloq aholisining davlat xizmatlaridan qulay foydalanishlari uchun nima qilish kerak, deb oʻylaysiz?

— Barchaga maʼlum, koʻplab viloyat, tuman markazlaridan olisda joylashgan qishloqlarda internet sifati sifatsiz. Birinchi navbatda ushbu muammoni bartaraf etish maqsadga muvofiq. Bilamizki, internet sifati yaxshi boʻlsa xizmatlarni onlayn olish imkoni kengayadi. Qolaversa, yosh avlod vakillari oʻrtasida davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish madaniyatini yanada oshirish yaxshi samara beradi.

— Markazlarda navbatlar yuzaga kelmasligi uchun qanday chora qoʻllagan maʼqul?

— Doimiy faoliyat yurituvchi Davlat xizmatlari markazlari filiallari sonini koʻpaytirish zarur. Chunki hozirgi kunda mavjud filiallari ish grafigi juda qisqa.

— Sizning innovatsion gʻoyangiz?

— Davlat xizmatlaridan foydalanishda “Buyurtma xizmat” turini ishga tushirish lozim. Buni sektor, mahalla kesimida va yakka tartibda yoʻlga qoʻyish mumkin.
Buyurtmaga qarab bitta xodim ajratiladi. Buyurtma miqdorini belgilashda kamida 10 ta xizmat hisobga olinishi yoki buyurtmachining talabidan kelib chiqib, aytilgan manzilga borib xizmat koʻrsatilishi taʼminlanadi.

Bunday xizmat Samarqand viloyatidagi Davlat xizmatlari markazlari faoliyatida uchrab turadi va natijasi ham yaxshi. Ham murojaat egasiga qulaylik, ham markazlardagi navbatlarni maʼlum miqdorda kamaytirish imkoni paydo boʻladi.

Davlat xizmatlari Agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi
Axborot xizmati