Mirzo Ulug‘bek nomidagi milliy universitetda “Turizm va sayohatlar klubi” tashkil etiladi

Turizm va sport vazirligining xabar berishicha, t vazirlik vakillari soha mutaxassislari ishtirokida Mirzo Ulug‘bek nomidagi milliy universitetning iqtisod yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashuv o‘tkazishdi. Unda Turizm va sport vazirligi huzuridagi UNWTO “Ipak yo‘li” UK direktori maslahatchisi Shuhrat Isakulov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan alpinist, tog‘ turizmi bo‘yicha sport ustasi Ikram Nazarov, tog‘ va sport turizmi bo‘yicha sport ustasi Boris Karpov, gid-sayrbon Alena Alekseeva ishtirok etishdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad turizm turlarini diversifikatsiya qilishning ahamiyati haqida atroflicha maʼlumot berish, turli g‘orlar, qadimiy qishloqlarni ziyorat qilishga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yoshlar va xorijlik sayyohlar uchun sayyohlik yo‘nalishlarini shakllantirish, ekstremal, etno va eko turizmni rivojlantirishdan iborat.
Mamlakatimizda turizm sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanib, unga bo‘lgan ehtiyoj yil sayin ortib bormoqda. Mamlakatimizda turizm yo‘nalishida 6 mingdan ortiq talaba tahsil olayotgan 13 ta texnikum va kollejlar, turizm yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan 25 oliy o‘quv yurti muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
Maʼruzachilar sohaning o‘ziga xos xususiyatlari va turizmning o‘rni haqida so‘z yuritib, talabalarni O‘zbekistondagi sayyohlik yo‘nalishlari namunalari, jo‘nab ketish oldidan o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish zarurati, turli fasllarda sayohat qilish uchun maxsus jihozlar mavjudligi va sayohat sharoitlari bilan tanishtirdi. Talabalar universitetda “Turizm va sayohatlar klubi”ni tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirib, Turizm va sport vazirligi hamda mamlakatimiz tog‘ va ekstremal turizm sohasi mutaxassislaridan uslubiy yordam va ko‘mak ko‘rsatishni so‘rashdi.

Tomonlar universitet va vazirlik o‘rtasida o‘quv jarayonini takomillashtirish, talabalarning mamlakatimizning yetakchi turistik markazlarida amaliyot o‘tashi uchun turizm sohasi mutaxassislari jalb etishni nazarda tutuvchi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish zarurligi haqida kelishib oldilar.