Sun’iy yurak erkin sotuvga chiqarildi

Qo`shma Shtatlarda bemorga birinchi marta to`liq avtonom ravishda ishlaydigan sun’iy yurak o`rnatildi. Yurak Yevropa bozoriga erkin sotuvga chiqarildi.

Dyuk universiteti tibbiyot fakulteti jarrohlari 39 yoshli bemorga Fransiyaning Carmat kompaniyasining Aeson sun’iy yuragini muvaffaqiyatli o`rnatdilar. Universitetning rasmiy veb-sayti va ishlab chiqaruvchining axborot xizmatiga ko`ra, bu yangi avlod protezidan birinchi tijorat maqsadlarida foydalanish hisoblanadi. Murakkab jarrohlik amaliyati Qo`shma Shtatlarda ilk marta amalga oshirildi.

Protez haqiqiy yurakning funksiyalarini to`liq takrorlaydi. Ko`plab sensorlar va mikroprotsessorlarga ega murakkab elektronika insonning jismoniy faoliyati va yuklamasiga qarab sun’iy yurakning intensivligini dinamik ravishda o`zgartiradi. Protez besh yilgacha ishlashi mumkin.

Yurakning faqatgina bir qismi ko`krak qafasi ichida joylashadi. Bemor to`rt kilogramm og`irlikdagi qo`shimcha jihozlarni, jumladan, har to`rt soatda to`ldirilishi kerak bo`lgan qayta quvvatlantiriluvchi batareyalarni olib yurishi kerak. Ushbu cheklovlar bilan ham, Aeson yuragi bemor mustaqilligini rekord darajada ta’minlaydi. Sun’iy yuraklarning oldingi modellari statsionar tibbiy jihozlarni talab qilar edi.

Carmat 2020-yil 22-dekabrda Yevropada Aeson sun’iy yuraklarini sotish uchun ruxsat olgan, ammo Qo`shma Shtatlarda bu protezlar FDA roziligini kutmoqda. Sun’iy yurak doimiy foydalanish uchun mo`ljallanmagan. Bu faqat yurak yetishmovchiligi bo`lgan bemorlarga transplantatsiyaga qadar omon qolish imkoniyatini beradi.