Barselonadagi xalqaro maktabda tahsil olayotgan yosh vatandoshimiz o‘z jamoasining yetakchisi etib saylandi

11 yoshli vatandoshimiz Temurxon Xo‘jayev Barselona Yevropa xalqaro maktabi loyihasi – «House Points»ning “Triton” jamoasi yetakchisi etib saylandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu loyiha doirasida to‘rtta jamoa tuzilgan.  Jamoalar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘rtasida raqobat muhitini rag‘batlantirishga qaratilgan. Har bir jamoa o‘z yetakchisini tanlaydi. U maktab hayotining barcha sohalarida muvaffaqiyatga erishgan va jamoaning qolgan aʼzolari uchun o‘rnak bo‘la oladigan o‘quvchi bo‘lishi kerak.

Bu ushbu maktabning uzoq yillik anʼanasi bo‘lib, yetakchi nomi o‘qituvchilar, o‘quvchilar, ota-onalar va maktab mehmonlari huzurida tantanali ravishda eʼlon qilinadi.

Temurxon Xo‘jayev Ispaniyaga 2016 yilda kelgan. Qisqa vaqt ichida u ingliz tilini, so‘ngra ispan tilini  o‘rgandi.

Maktab Kataloniya poytaxti  Barselona shahrida  joylashgani  sababli asosiy eʼtibor kataloniya tilini o‘rganishga ham qaratiladi. Temurxon bu tilni ham yaxshi o‘zlashtirgan.

2021 yilda vatandoshimiz boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘rtasida fransuz tili bo‘yicha o‘tkazilgan maktab olimpiadasida ham g‘olib chiqqan.

Temurxon Xo‘jayev ijtimoiy fanlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirish bilan bir qatorda aniq fanlar bo‘yicha ham yuqori ko‘rsatkichlarga ega. U  ayni paytda zamonaviy kompyuter texnologiyalarini  katta qiziqish bilan o‘rganmoqda.

Bundan tashqari, Barselona Temurxon suzish, basketbol va duatlon — sportning tog‘da velosiped haydash turi bilan muntazam shug‘ullanadi. Shuningdek, u o‘qish va sportdan bo‘sh vaqtlarida fortepiano chalish va rasm chizishni  o‘rganyapti.