Bayden Finlyandiya prezidenti bilan hamkorlikni muhokama qildi

AQSh prezidenti Jo Bayden va uning finlyandiyalik hamkasbi Sauli Niinistyo Finlyandiyaning AQSh va NATO bilan hamkorligini muhokama qildi.

“Ikki yetakchi Rossiyaning Ukraina chegaralari yaqinida harbiy kuchlar to‘planishidan umumiy xavotirlarini muhokama qildi”, — deyiladi seshanba kuni Oq uy bayonotida.

Oq uyning qo‘shimcha qilishicha, ular Shimoliy Yevropada xavfsizlikni ta’minlash uchun Finlyandiya, AQSh va NATO o‘rtasidagi yaqin mudofaa hamkorligi muhimligini muhokama qilganlar.

Ikki prezident Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti platformasida keskinlikni pasaytirish va Yevropa xavfsizligiga tahdidlarni bartaraf etish uchun muloqotning ahamiyatini ham muhokama qilgan.