Bemorning jigarida o`z ismining bosh harflarini kuydirib qoldirgan jarroh ishdan chetlatildi

“Buyuk Britaniya amaliyotchilar tribunali transplantatsiya bo`yicha shifokor Saymon Bramhollni ishdan chetlatdi”, – deb xabar bermoqda BBC. 2013-yilda jigar transplantatsiyasi paytida u qon tomirlarini kuydirish uchun ishlatiladigan argon uskunasi bilan o`z ismining bosh harflarini bemor jigariga kuydirib qoldirgan.

Qoldirilgan izlar ikkinchi operatsiya paytida ma`lum bo`ldi. Operatsiya amaliyotini boshqa jarroh amalga oshirgan. U o`zidan oldingi hamkasbi qoldirgan “izni”ni ko`rib qolgan. 2017-yil dekabr oyida Birmingem Qirollik sudida Bramholl ikkita shunday ish qilganini tan olgan. Jarroh 5 oyga ishdan chetlashtirildi va 10 000 funt sterling (taxminan 13 700 dollar) jarimaga tortildi.

Shunga qaramay, Saymon Bramholl ishga qaytishga umid qilmoqda. Ammo tribunal uning harakatlarini behush holatda bo`lgan zaif odamlarga nisbatan jismoniy zo`ravonlik deb hisoblamoqda. Jabrlanuvchilardan biri shu sababli ruhiy tushkunlikni boshdan kechirgan, ikkinchisi tergov ishlarida qatnashishni istamayapti. Shu sababli, mutaxassislar Bramhollning ismini “tibbiy xodimlar ro`yxatidan butunlay o`chirish kerak” deb hisoblaydi.