DXA: Birinchi “qizil pasport» egasiga topshirildi

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 iyulidagi PF-6269-son Farmoni bilan 2022 yil 1 yanvardan O‘zbekiston fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish Davlat xizmatlari markazlari orqali ham amalga oshirilmoqda.

Jumladan, mazkur xizmat joriy yilning 5 yanvaridan Samarqand shahar va Pastdarg‘om tuman Davlat xizmatlari markazlarida sinov tariqasida ko‘rsatilib kelinmoqda. Bugun shahrimizda yashovchi D.Abduxoliqov markaz orqali ariza topshirganlar orasida birinchilardan bo‘lib xorijga chiqish biometrik pasportini qabul qilib oldi.

— 7 yanvar kuni markazga kelib ariza topshirgandim, — deydi D.Abduxoliqov. — Oradan 10 kun o‘tib, hujjatimni oldim. Markazda xizmatdan qulay foydalanish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Bu biz fuqarolar uchun yengillik beradi. Agar yuqori tashkilotlar ushbu pasportni rasmiylashtirish muddatini yana ham qisqartirishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Maʼlumot o‘rnida qayd etish joizki, bugunga qadar Samarqand shahar Davlat xizmatlari markaziga xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun jami 320 nafar fuqaro murojaat qilgan. Hozirgi paytda ushbu murojaatlar asosida 105 nafar fuqaroning “qizil pasporti” rasmiylashtirildi.

Ushbu xizmatning Davlat xizmatlari markazlarida ham yo‘lga qo‘yilgani viloyat aholisiga har tomonlama qulaylik yaratib, xalqimizning vaqtini tejash, davlat xizmatlardan oson va shaffof foydalanishlarini taʼminlaydi.

DXA Samarqand viloyat boshqarmasi
Axborot xizmati