Elon Mask o`n yil ichida Marsga “oyoq qo`yishini” aytdi

Elon Mask odamlarga Marsga qo`nishga qancha vaqt ketishi haqida o`z taxminini aytdi.

“Eng yomon holatda, o`n yil (ichida)”, – dedi Tesla va SpaceX bosh direktori. “Biz ko`p sayyoralarga boruvchi tur bo`lishimiz kerak.”

Maskning so`zlariga ko`ra, SpaceXning ko`p marta foydalaniladigan raketasi Starship hozirgacha yaratilgan eng murakkab raketa bo`lib, odamlarni Marsga xavfsiz olib borishi kutilmoqda. Ammo shuni ta`kidlash joizki, Maskning haddan tashqari va`dalar berib yuboradigan odati bor. Shu haftaning o`zida uning elektromobil ishlab chiqaruvchi Tesla zavodi yarim millionga yaqin avtomobillarni qaytarib oldi.

Shunga qaramay, SpaceX shubhalanuvchilar amalga oshira olmagan narsani qo`lga kiritdi. Endilikda u astronavtlarni muntazam ravishda Xalqaro kosmik stansiyaga jo`natib turibdi. Starship esa allaqachon NASA bilan agentlik fazogirlarini Oyga qo`ndirish bo`yicha foydali kelishuvga erishgan.

Mask, shuningdek, Marsning o`n yil ichida “obod” qilinishi haqida emas, balki u yerga qo`nish yoki tadqiqot missiyasi jo`natish haqida gapirdi. Uning so`zlariga ko`ra, parvoz xarajatlarni kamaytirish va ehtiyot qismlarni qayta ishlatish missiya muvaffaqiyatining asosiy kalitidir.

“Nazariy jihatdan Starshipning parvoz qiymati 1 million, balki 2 million dollarni tashkil qilishi mumkin”, – dedi Mask intervyuda.