Janubiy Koreyada atom elektr stansiyasi reaktori kutilmaganda o`chib qoldi

13-yanvar kuni Janubiy Koreyaning Hanul atom elektr stansiyasidagi yadro reaktori mexanik nosozlik tufayli avtomatik tarzda o`chib qoldi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar berdi.

“Yadro reaktori payshanba kuni sovutish suvi nasosi ishlamay qolgandan so`ng avtomatik ravishda o`chib qolgan, biroq radiatsiya oqimlari aniqlanmadi”, – dedi mamlakat atom elektr stansiyalari operatori Korea Hydro & Nuclear Power Co.

Seuldan 330 kilometr janubi-sharqda joylashgan Hanul atom elektr stansiyasidagi 5-reaktor 13-yanvar kuni soat 01:26 atrofida ishlashdan to`xtab qolgan. Yadroviy xavfsizlik bo`yicha komissiya reaktorning nosozlik va avtomatik tarzda o`chib qolishi sabablarini o`rganayotganini aytdi. Radiatsiya darajasi me`yoriy darajada saqlanib turibdi. 5-reaktorga texnik xizmat ko`rsatish oxirgi marta 2021-yil iyul oyida amalga oshirilgan edi.

Avvalroq, Germaniya o`zining oxirgi 6 ta atom elektr stansiyalaridan 3 tasini o`chirgani haqida ma’lum qilgandik. Mamlakat shu tarzda toza va qayta tiklanadigan energiya manbalariga o’tishni rejalashtirmoqda.