Koronavirus pandemiyasidan jabr ko‘rgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 200 million dollar ajratilishi rejalashtirilgan

Koronavirus pandemiyasidan jabr ko‘rgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni aylanma mablag‘lar bilan taʼminlash va ishlab chiqarish quvvatlarini, jumladan, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ulgurji va chakana savdo, umumiy ovqatlanish va transport sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish uchun Osiyo infratuzilma investitsiyalari bankining (OIIB) 200 million AQSH dollari miqdoridagi kreditini jalb etish rejalashtirilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Norma.uz” elektron portalining xabar berishicha, 2021 yil 28 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus pandemiyasi davrida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun Osiyo infratuzilma investitsiya bankining kredit liniyasini jalb etish va undan foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Bu borada Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (TIF) tomonidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.

OIIB kredit liniyasi davlat kafolati ostidagi bir necha transhlarga asoslanadi, har bir transh 5 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr, 6 oylik Libor plyus yillik 0,65 foiz stavkasi bilan amalga oshiriladi. OIIBning boshlang‘ich tashkiliy komissiyasi va kredit liniyasining foydalanilmagan qismi uchun yillik komissiya 0,25 foizni tashkil etadi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki OIIB kredit liniyasining qarz oluvchisi va kredit mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga OIIB tomonidan jalb qilingan mablag‘larni qaytarish bilan bog‘liq xarajatlar, jumladan, foizlar, dastlabki bir martalik tashkiliy komissiya va majburiyat komissiyasini to‘lash, shuningdek, boshqa xarajatlarni o‘z hisobidan to‘lash tavsiya etiladi.