Pentagon O`zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi bilan tabrikladi

12-yanvar kuni AQSh Mudofaa vaziri yordamchisi o`rinbosari Rebekka Zimmerman Pentagon rahbari Lloyd Ostin va AQSh mudofaa vazirligi vakillari nomidan barcha o`zbekistonliklar va harbiy xizmatchilarni O`zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi bilan tabrikladi.

Rebekka Zimmerman O`zbekiston suvereniteti va mustaqilligini qo`llab-quvvatlash har doim ikki davlat o`rtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlikning asosi bo`lib kelgani va shunday bo`lib qolayotganini ta’kidladi. Amerika Qo`shma Shtatlari O`zbekistonni strategik hamkor sifatida qadrlaydi va uning ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga qo`shgan hissasini e`tirof etadi.

O`tgan 30 yil davomida ikki davlat o`rtasida xavfsizlik sohasida sezilarli yutuqlarga erishilgani alohida ta’kidlandi.

Ayniqsa, O`zbekiston qo`shni davlatlar bilan birgalikda xavfsizlik masalalarida yetakchilikni davom ettirishi, AQSh Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikni qo`llab-quvvatlashga tayyor ekani alohida aytib o`tildi.

“O`zbekiston Qurolli Kuchlarini yana bir bor tabriklayman, men yaqin kelajakda AQSh va O`zbekiston o`rtasidagi mudofaa munosabatlarining 30 yilligini shaxsan nishonlashni intiqlik bilan kutaman”, – deya yakunladi Rebekka Zimmerman o`zining videomurojaatini.