Theranos startapi rahbari Elizabet Xolms 20 yilga qamalishi mumkin

Sobiq bosh direktor va muvaffaqiyatsiz Theranos – qon testi startapi asoschisi hakamlar hay`ati tomonidan to`rtta modda – investorlarni aldash uchun fitna uyushtirish va uchta elektron firibgarlik moddalari bo`yicha aybdor, deb topildi.

Sobiq bosh direktor va muvaffaqiyatsiz Theranos – qon testi startapi asoschisi hakamlar hay`ati tomonidan to`rtta modda – investorlarni aldash uchun fitna uyushtirish va uchta elektron firibgarlik moddalari bo`yicha aybdor deb topildi.

Sud hozircha 37 yoshli Elizabet Xolmsga nisbatan hukm chiqarmadi. Ammo firibgarlik va investorlarni aldaganlik uchun u 20 yilgacha qamoq jazosi, shuningdek, har bir modda uchun 250 ming dollardan jarimaga tortilishi mumkin.

Hakamlar hay`ati hukmi San-Xose federal sudida uch oylik sud jarayonidan so`ng e`lon qilindi. Sud jarayonida 30 nafardan ortiq guvohlar ko`rsatmalar berdilar va Xolms yetti kun davomida o`zini himoya qildi. Theranos asoschisining ishi Silikon vodiysida kamdan-kam uchraydigan firibgarlik turi hisoblanadi.

Elizabet Xolms 2003-yilda 19 yoshida Theranos kompaniyasiga asos solgan va oradan ko`p o`tmay Stenforddan o`qishdan chiqib ketgan. Boshida loyihaga unchalik e`tibor berilmadi, shuning uchun Xolms uning kompaniyasi barmoqdan olingan bir necha tomchi qon yordamida murakkab testlarni aniq o`tkazib berishi mumkin bo`lgan texnologiyalarni ixtiro qilgani haqida gapira boshladi. Bu Theranosga katta sarmoya kiritilishiga olib keldi. 2015-yilda kompaniya 9 milliard dollarga, Xolmsning boyligi esa 4,5 milliard dollarga baholangan va Forbes jurnali uni Amerikada mustaqil muvaffaqiyatga erishgan eng boy ayol deb e`lon qilgan.

Va`da qilingan qurilmalar sotuvga chiqmadi. Jurnalistlar va AQSh nazorat organlari tomonidan olib borilgan bir qator tekshiruvlardan so`ng Xolms va uning Theranosdagi sheriklarining faoliyati firibgarlik ekanligi aniqlandi. Aksiyalarning narxi tushishi ortidan kompaniya 2018-yilda yopildi.